
AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Rossiya bilan urushni tugatishga qaratilgan kelishuvda AQSh Ukraina xavfsizligini kafolatlashga yordam berishini ma’lum qildi.
Zelenskiy bu va’dani «katta qadam» deb atab, yaqin 10 kun ichida hujjatlashtirilishini aytdi. Ukraina, shuningdek, AQShdan $90 mlrdlik qurol xarid qilish taklifini berdi.

Yevropa yetakchilari har qanday bevosita muzokaralardan avval sulh tuzilishini shart qilib qo‘ydi. Tramp esa janglar davom etayotganida ham tinchlik kelishuvi ustida ishlash mumkinligini ta’kidladi.
Rossiya NATO qo‘shinlarining Ukrainaga joylashtirilishini rad etdi. Shu bilan birga, yaqin ikki hafta ichida Putin va Zelenskiy uchrashuvi Vengriyada o‘tkazilishi mumkinligi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp – Putin uchrashuvi aniq kelishuvsiz yakunlangani haqida yozgan edik.