Yangiliklar

2025/2026-o‘quv yili qachondan boshlanadi

Vazirlik buyrug‘iga binoan
2025/2026-o‘quv yili qachondan boshlanadi / Foto: Imtihonlar

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi buyrug‘iga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili bosqichma-bosqich boshlanadi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

3-sentabrdan – akademik litseylarning barcha bosqich o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalarining 1-bosqich talabalari uchun darslar start oladi.

8-sentabrdan – oliy ta’lim muassasalarining 2 va undan yuqori bosqich talabalari uchun mashg‘ulotlar boshlanadi.

Birinchi bosqich talabalari uchun «Kredit ta’limi tizimiga kirish» haftaligi va «Talabalikka bag‘ishlov» tadbirlari tashkil etiladi. Ushbu davrda talabalar ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishtiriladi, kredit-modul tizimi tushuntiriladi, tanlov fanlarini to‘g‘ri tanlash bo‘yicha maslahatlar beriladi.

Shuningdek, mustaqil ta’lim ko‘nikmalarini shakllantirish, akademik halollik tamoyillarini singdirish hamda kasbiy va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar Mustaqillik kuni munosabati bilan necha kun dam olishi haqida yozgan edik.