Yangiliklar

O‘zbekiston va Qatar farmatsevtika sohasida hamkorlik qiladi

Qurilish va turizm sohalarida ham
O‘zbekiston va Qatar farmatsevtika sohasida hamkorlik qiladi / Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Doha shahrida Qatar davlat va biznes doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda Qatar Pharma, Qatar Mining, Qatar Investment Authority kabi yirik kompaniyalar ishtirok etdi, deya xabar bermoqda vazirlik.

O‘zbekiston tomoni energetika, farmatsevtika, mashinasozlik, qurilish materiallari, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati hamda turizm yo‘nalishlaridagi imkoniyatlarni taqdim etdi. Shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlari, kapitalni himoya qilish kafolatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Natijada farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish, qurilish, ko‘chmas mulk, «aqlli shahar» loyihalari, foydali qazilmalarni qayta ishlash va turizm infratuzilmasiga investitsiyalar kiritish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shu bilan birga, tomonlar Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini tayyorlash, 2026 yilda Dohada «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmasini o‘tkazish va «O‘zbekiston – Qatar» Biznes kengashini tuzishga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon yetakchilari mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida yozgan edik.