Yangiliklar

AQSh Intel kompaniyasining 10% ulushini sotib oladi

Bu uchun qariyb $10 mlrd mablag‘ ajratiladi
AQSh Intel kompaniyasining 10% ulushini sotib oladi / Foto: CBS News

AQSh prezidenti Donald Tramp Intel kompaniyasining 10% ulushini sotib olishini e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, kelishuv hukumat grantlarini aksiyaga aylantirish orqali amalga oshirilib, Intelga qariyb $10 mlrd mablag‘ ajratiladi.

Shartnoma asosida AQSh Intel aksiyalarining 9,9% qismini $8,9 mlrdga sotib oladi. Mablag‘ning katta qismi Biden davridagi Chips Act grantlari va «Secure Enclave» dasturi orqali taqdim etiladi.

Mutaxassislar fikricha, federal qo‘llab-quvvatlash Intel’ning zarar ko‘rayotgan zavod faoliyatini tiklashga yordam berishi mumkin. Biroq kompaniya texnologiya bo‘yicha raqib TSMC’dan ortda qolmoqda va sun’iy intellekt bozorida Nvidia yetakchiligini boy bergan.

Ma’lumot uchun, Intel 2024-yilda $18,8 mlrd zarar ko‘rgan bo‘lib, bu so‘nggi qariyb 40 yilda birinchi yillik zarar hisoblanadi. Yangi bosh direktor Lip-Bu Tan kompaniyani inqirozdan chiqarish vazifasini bajarmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple’ning AQSh iqtisodiyotiga $100 milliard sarmoya kiritishi haqida xabar bergan edik.