Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

Yangi muzey 3 qavatli asosiy bino, 2 qavatli yerto‘la va yordamchi inshootlardan iborat bo‘ladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 27-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishi boshlandi. Tamal toshi qo‘yish marosimida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Muzey loyihasi Yaponiya arxitektura byurosi Tadao Ando Architect & Associates va Germaniyaning Atelier Brückner kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Qurilish ishlarini Xitoyning CSCEC International Construction kompaniyasi amalga oshiradi.

Yangi muzey 40 ming kvadrat metr maydonda barpo etilib, 3 qavatli asosiy bino, 2 qavatli yerto‘la va yordamchi inshootlardan iborat bo‘ladi. Unda ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari hamda zamonaviy saqlash xonalari tashkil etiladi. Shu orqali hozirda turli muzeylarda tarqoq holda saqlanayotgan 10 mingga yaqin eksponatni bir joyda namoyish etish imkoniyati yaratiladi.

Muzey atrofida Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va Milliy bog‘ bilan uyg‘un me’moriy majmua vujudga keladi. Shuningdek, u tematik turizm markaziga aylanib, xorijiy sayyohlarni jalb etadi.

Kelajakda O‘zbekiston Milliy muzeyi dunyoning mashhur Luvr, Britaniya va Metropoliten muzeylari bilan hamkorlik o‘rnatib, noyob ko‘rgazmalarni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Marosim yakunida Mirziyoyev poydevorga kapsula qo‘yib, qurilish ishlarini boshlab berdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident turli soha vakillariga faxriy unvon va davlat mukofotlarini topshirgani haqida yozgandi.