Yangiliklar

«Tashabbusli budjet»da majburiy ovoz to‘plangan loyihalar bekor qilinadi

Jizzax davlat pedagogika universiteti hamda Qiziltepa tumanidagi tibbiyot tashkilotlari loyihalari tekshirilmoqda
«Tashabbusli budjet»
Majburiy ovoz to‘plangan loyihalar chetlatiladi. Foto: Dzen

«Tashabbusli budjet» jarayonida majburiy ovoz to‘plagan loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Joriy yilgi 2-mavsum doirasida ovoz berish bosqichi davom etmoqda. Shu kunlarda Jizzax davlat pedagogika universiteti hamda Qiziltepa tumanidagi tibbiyot tashkilotlarida xodimlarni majburiy ovoz berishga jalb qilish holatlari haqida xabarlar tarqalgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, bu masala atroflicha o‘rganilmoqda. Agar holatlar tasdiqlansa, mazkur loyihalar ovoz berish bosqichidan chiqariladi yoki agar g‘olib deb topilgan bo‘lsa, g‘oliblar ro‘yxatidan olib tashlanadi. Shu borada tegishli tuman Xalq deputatlari kengashiga taqdimnoma yuborilgan.

27-avgust soat 10:00 holatiga ko‘ra, fuqarolar tomonidan berilgan ovozlar bo‘yicha Qashqadaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari yuqori uchlikdan joy olgan.

Mazkur ovoz berish jarayoni 31-avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi.

Vazirlik majburiy ovoz berishga jalb etish majburiy mehnat sifatida baholanishini va bunday vaziyatlarga duch kelgan taqdirda 1176 ishonch raqamiga murojaat qilish mumkinligini eslatdi.

Bundan avval Andijon viloyatining Ulug‘nor va Oltinko‘l tumanlari ko‘plab loyihalar asossiz rad etilgani yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari sababli «Tashabbusli budjet»ning ovoz berish bosqichidan chetlatilgandi.

Unga ko‘ra, Ulug‘norda 73 ta loyihadan atigi 13 tasi, Oltinko‘lda esa 116 ta loyihadan 22 tasi ovoz berishga o‘tkazilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi loyihalarni qonunchilikda belgilangan me’zonlarga asosan qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan bo‘lsa-da, mahalliy komissiyalar bu ishni amalga oshirmagan.

Natijada me’zonlarga rioya qilinmagani sababli Ulug‘nor va Oltinko‘l tumanlarida 2-mavsum uchun ovoz berish bosqichi bekor qilindi.