Yangiliklar

AQShda xorijiy jurnalist va talabalarga viza muddatini cheklash rejalashtirilmoqda

Xorijiy jurnalistlar AQShga 240 kungacha kelish huquqiga ega bo‘ladi
Viza
Foto: depositphotos.com

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi xorijiy jurnalistlar, talabalar va almashinuv dasturlari ishtirokchilari uchun vizalar tartibini qat’iylashtirishni taklif qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Yangi taklifga ko‘ra, xorijiy jurnalistlar AQShga 240 kungacha kelish huquqiga ega bo‘ladi, so‘ng zarurat tug‘ilganda muddat uzaytirilishi mumkin. Xitoy fuqarolari uchun esa bu muddat 90 kun bilan chegaralanadi.

Talabalar va almashinuv dasturi ishtirokchilari esa faqat o‘qish yoki dastur davomida, lekin ko‘pi bilan to‘rt yil mamlakatda bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.

Vazirlik bu o‘zgarish xorijliklarning faoliyatini nazorat qilish, ularning rejalari va qonunlarga rioya etishini baholash imkonini berishini ta’kidladi.

Taklif hozircha muhokamaga qo‘yilgan, lekin qachon kuchga kirishi noma’lumligicha qolmoqda.

AQSh vizasi bilan bog‘liq o‘zgarishlar

AQShga safar qilishni rejalashtirayotgan deyarli barcha xorijliklar endi Visa Integrity Fee deb nomlangan yangi viza to‘lovni to‘lashlari kerak bo‘ladi. Mazkur $250 lik to‘lov shu yilning 1-oktabridan boshlab kuchga kiradi. 

Ushbu to‘lov turistik maqsadda tashrif buyuruvchilarga, ishchi, talabalar hamda almashinuv dasturlari vizalariga ariza topshiruvchilar uchun majburiy bo‘ladi. Bu mablag‘ AQSh vizasi olish uchun hozirgacha to‘lanib kelinayotgan $185 dan tashqari undiriladi.

Shuningdek, AQSh vizasiga topshiradigan o‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarini ochib qo‘yishi kerak bo‘ladi.

AQSh hukumatining izoh berishicha, bu chora fuqaroning shaxsini aniqlash va Qo‘shma Shtatlarga kirish huquqiga ega-emasligini aniqlashni osonlashtiradi. Mazkur talab AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, iyun oyida AQSh xorijlik talabalar uchun viza arizalarini ko‘rib chiqishni qayta tikladi. 

May oyida esa Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Tashqi ishlar vazirligi uch oy muddatda AQSh fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik muddatga vizasiz kirish rejimini joriy qilishi belgilandi.