
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Qoraqalpog‘istondagi A-380 avtomagistralini modernizatsiya qilish uchun $233,1 million ajratishni ma’qulladi. Mablag‘ kredit ko‘rinishida taqdim etiladi, deya xabar berdi xalqaro moliya institutining matbuot xizmati.
Loyiha G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu (A380) yo‘lining 12 km uzunlikdagi qismini rekonstruksiya qilishni, shuningdek, To‘rtko‘l — Ellikqal’a — Beruniy yo‘nalishi bo‘yicha 75 km uzunlikdagi aylanma yo‘l qurilishini o‘z ichiga oladi.
Trassaning sement-beton qoplamasi, ilg‘or drenaj tizimi va yo‘l to‘sig‘ining balandligi obyektni iqlimiy xatarlarga nisbatan yanada barqaror qiladi.
Yo‘l bo‘ylab transportni avtomatik tortish tizimlari o‘rnatiladi. Shuningdek, trassa bo‘ylab beshta dam olish zonasi tashkil etilib, ularda tijoriy xizmatlar va elektromobillar uchun quvvatlantirish stansiyalari joylashtiriladi.
Loyihaning umumiy qiymati $293,7 millionni tashkil etadi. OTB kreditidan tashqari, yo‘lni rekonstruksiya qilish uchun davlat budjetidan $60,6 million yo‘naltiriladi.
OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Arayaning ta’kidlashicha, yo‘lni modernizatsiya qilish respublikaning mintaqaviy transport markazi sifatidagi rolini mustahkamlaydi va inklyuziv iqtisodiyot rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan avval Nukus — Chimboy — Taxtako‘pir yo‘lini ta’mirlashga 15 milliard so‘m ajratilgandi.
Hozirda umumiy uzunligi 59 kilometr bo‘lgan yo‘lning 17 – 18-kilometrida asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. Ishlarga oltita zamonaviy texnika va 13 nafar ishchi jalb qilingan.