
Hukumat qarori bilan og‘ir yukli va katta hajmli xorijiy transport vositalarining O‘zbekiston hududi bo‘ylab harakatlanishi uchun to‘lanadigan to‘lov miqdorlari o‘zgartirildi.
Endilikda transport vositasining ruxsat etilgan vazndan oshgan qismi uchun quyidagi tartibda to‘lov belgilanadi:
- 0 tonnadan 5 tonnagacha – har 1 km uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 0,08%;
- 5 t dan 10 t gacha – 0,12%;
- 10 t dan 15 t gacha – 0,24%;
- 15 t dan 20 t gacha – 0,42%;
- 20 t dan 25 t gacha – 0,63%;
- 25 t dan 30 t gacha – 0,97%;
- 30 t dan 35 t gacha – 1,39%;
- 35 t dan 40 t gacha – 1,94%;
- 40 t dan 45 t gacha – 2,66%;
- 45 t dan 50 t gacha – 3,59%;
- 50 t va undan yuqori – 4,22%.
Bundan tashqari, xorijiy yuk transportlarini mamlakat hududidan olib o‘tishda topshirilgan arizalar ko‘rib chiqiladi va yo‘nalish kelishiladi. Ruxsatnoma berish uchun to‘lov esa «Litsenziya» axborot tizimida quyidagicha hisoblanadi:
- 100 km gacha – BHMning 54%;
- Har bir keyingi km uchun – BHMning 0,24%.
Avval bu to‘lovlar 100 km uchun $25, keyingi har bir km uchun esa $0,11 miqdorida bo‘lgan.
Ushbu tariflar pasayishi haqida Shavkat Mirziyoyev 22-avgust kuni Turkmanistonning Avaza turizm hududida Turkmaniston va Ozarbayjon davlat rahbarlari bilan bo‘lgan uch tomonlama uchrashuvda aytgandi.
Unga ko‘ra, ushbu to‘lovlar pasayishi O‘zbekistonning asosiy bozorlarga chiqishini tez va arzon qilish maqsadida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, davlat rahbari Xitoydan Yevropaga qadar uzluksiz tranzit yo‘laklarini shakllantirish muhimligini ham qayd etgan.
Bundan avval O‘zbekiston milliy tashuvchilari ilk bor Xitoyning ichki hududlaridan katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarni avtomobil transportida bevosita tashishni yo‘lga qo‘ygandi.
Har birining og‘irligi 270 tonnadan ortiq bo‘lgan maxsus yuk modullari Surxondaryoda qurilayotgan issiqlik elektr stansiyasi uchun mo‘ljallangan.