Yangiliklar

Rossiya benzin eksportiga taqiqni yana uzaytirdi

31-oktabrgacha
Foto: Pexels.com

Rossiya hukumati avtomobil benzinini eksport qilishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni yana ikki oyga cho‘zdi. Bu haqda hukumatning Telegram kanalida xabar berildi.

Unga ko‘ra, cheklovlar 1-sentabrdan 31-oktabrgacha amal qiladi. Sentabr oyida taqiq barcha eksportchilarga — ishlab chiqaruvchilarga ham, ishlab chiqaruvchi bo‘lmagan kompaniyalarga ham tatbiq etiladi.

1-oktabrdan boshlab esa cheklov faqat ishlab chiqaruvchi bo‘lmagan kompaniyalarga nisbatan saqlanib qoladi. Neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun bekor qilinadi.

Hukumat qarori ichki yonilg‘i bozorida barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani ta’kidlandi.

Rossiyadan benzin eksportiga taqiq jarayoni

Avvalroq 29-iyuldan Rossiya hukumati yoz oxiriga qadar benzin eksporti uchun to‘liq cheklovlarni joriy etgandi. Ushbu cheklov barcha kompaniyalar, xususan, ishlab chiqaruvchilarga ham tegishli bo‘lgan.

O‘sha paytda hukumat ushbu chorani ichki yonilg‘i bozorida yuqori mavsumiy talab va qishloq xo‘jalik maydonlaridagi ishlar vaqtida barqarorlikni ta’minlash maqsadida joriy etganini ma’lum qilgandi.

Rossiya qo‘ygan taqiq O‘zbekistonga taalluqli emas — Energetika vazirligi

Energetika vazirligi ushbu cheklovlar O‘zbekistonga yetkazib beriladigan benzin mahsulotlariga ta’sir qilmasligini ham ma’lum qilgan.

Shunga qaramay iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bu holatning O‘zbekistonga ham bilvosita ta’siri bo‘lishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy bayonotlarga qaramay, yonilg‘i narxlari o‘sish ehtimoli mavjud. Bu holat 2023 va 2024-yillarda ham kuzatilgan edi.

O‘zbekistonda benzin bilan bog‘liq jarayonlar

O‘zbekistonda shu yilning sentabr oyidan AI-80 markali benzinni ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda avtomobil benzinini ishlab chiqaruvchi asosiy quvvatlar ikki yirik neftni qayta ishlash zavodiga to‘g‘ri keladi. Ulardan biri «O‘zbekneftgaz» tasarrufidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi. Ikkinchisi esa xususiy sektor vakili bo‘lgan «Saneg» kompaniyasiga qarashli Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidir.

Shuningdek, Surxondaryo va Chinozdagi neftni qayta ishlash quvvatlari ham mavjud bo‘lib, ular nisbatan kichik hajmda bo‘lsa-da, AI-80 markali benzin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Shu bilan birga, 11-avgust kuni Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan Ai-92 rusumli avtobenzin narxi pasaytirilgandi.

Birja savdolarida 1 tonna Ai-92 benzinning boshlangʻich narxi 12 mln 881 ming soʻmdan 12 mln 628 ming soʻmga tushgan. Bu 1 litr narxi 9,4 ming soʻmga teng.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025-yilning yanvar – iyul oylarida 667 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan.