Yangiliklar

Qurilish vazirligi uy qurish uchun ruxsatnomaga pora berish bo‘yicha izoh berdi

Qurilish sohasidagi barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda faqat elektron tarzda amalga oshiriladi
Foto: Daqn.uz

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqidagi fikrlar bo‘yicha izoh berdi. Bu haqda vazirlikning rasmiy kanalida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, 29-avgust kuni qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov sohada asossiz rad etishlar va korrupsiyaviy holatlar mavjudligini tilga olgan edi.

Vazirlik izohiga ko‘ra, qurilish sohasidagi barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda faqat elektron tarzda amalga oshiriladi. Jismoniy yoki yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini my.gov.uz portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali topshirishi mumkin. Bu jarayonda fuqaro bilan vakolatli organ vakillari o‘rtasida bevosita muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi.

Vazirlikning «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali obyekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar nazorat qilinadi.

«Birinchidan, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshiriladi. Qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emas», deyilgan izohda.

Shuningdek, prezident qaroriga binoan, Toshkent shahrida quriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan obyektlar uchun har bir kub metr hajmga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im joriy etilgan. Ushbu mablag‘ to‘liq hajmda Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, vazirlik tadbirkorlar yoki fuqarolar qurilish sohasida korrupsiyaga oid holatlarga duch kelsalar, maxsus ishonch telefonlari, elektron pochta va Telegram bot orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatdi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda uy-joy sotib olishda keshbek joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.