Yangiliklar

O‘zbekiston va AQSh yetakchilari telefon orqali muloqot qildi

Unda xavfsizlik va madaniy hamkorlik muhokama qilindi
O‘zbekiston va AQSh yetakchilari telefon orqali muloqot qildi / Foto: President.uz

5-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Suhbatda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va biznes, xavfsizlik, madaniy-gumanitar sohalardagi loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

AQSh prezidenti O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi, davlatimiz rahbari esa Trampni AQSh siyosatidagi muvaffaqiyatlar bilan tabrikladi. Savdo hajmini oshirish, aviatsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Suhbat davomida xavfsizlik sohasidagi, jumladan, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlar muhokama qilindi. O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasining AQShda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ilk bor ishtiroki ham qayd etildi.

Davlat rahbarlari «C5+1» mintaqaviy hamkorligini chuqurlashtirish masalalarini ham muhokama qilib, Trampni O‘zbekistonga rasmiy tashrifga taklif etdilar. Telefon muloqoti ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Pekinda bo‘lib o‘tgan tantanali harbiy paradda qatnashgani haqida xabar bergan edik.