
Oʻzbekiston Bank of America tomonidan tuzilgan EEMEA (Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika) mintaqasidagi tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar reytingida Qozogʻistondan yuqori oʻrin oldi.
Unga ko‘ra, 1-sentabr holatiga koʻra, 45 ta davlat orasida Oʻzbekiston toʻqqizinchi, Qozogʻiston esa oʻninchi pogʻonada qayd etildi. Bank ma’lumotlariga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyoti kuz boshida 5,9 foizga oʻsdi. Budjet taqchilligi YIMga nisbatan 2,3 foiz deb baholandi. Mamlakatning davlat qarzi esa 1-sentabr holatiga koʻra yalpi ichki mahsulotning 33 foizini tashkil etdi.
Inflyatsiya darajasi Oʻzbekistonda 8,8 foiz, Qozogʻistonda esa 10,4 foiz boʻldi. Shu bilan birga, respublikaning joriy hisobida 5 foizlik taqchillik kuzatilmoqda.
Avgust oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev soʻnggi sakkiz yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti ikki baravarga oʻsganini ta’kidlagan edi. 2024-yil yakunida mamlakat YIM hajmi $115 milliardga yetdi. Joriy yil oxirigacha yalpi ichki mahsulot yana $15 milliardga ortishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd dollardan oshgani haqida xabar bergan edi.