
Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasining Janubiy vokzaldan (TRC Vega) O‘zgarish metrosigacha bo‘lgan qismi vaqtincha yopilishi mumkin. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ xabar berdi.
Shu bois Chilonzor tomonidan Sergeli va Qo‘yliq tomonga harakatlanadigan barcha avtobuslar Janubiy vokzalga yetmasdan, Kichik halqa avtomobil yo‘lining (KHAY) orqali Yangi Sergeli prospekti va Xonabodtepa ko‘chasi (sobiq THAY) orqali aylanma yo‘ldan qatnaydi.
Agar cheklov kuchga kirsa, Chilonzor tomonidan kelayotgan yo‘lovchilar Sergeli tomon ketadigan avtobuslarga Janubiy vokzaldan oldingi — Bog‘ibo‘ston ko‘chasi bekatidan chiqishlari mumkin bo‘ladi. Shu bekatdan Sergeli tomon harakatlanadigan 75 va 126-avtobuslarga ham chiqish mumkin.
Bundan tashqari:
- 38, 40, 57 va 58-avtobuslar Sergeli tomonga ketishda «Boshliq» bekatidan keyin Janubiy vokzalga kirmaydi va Yangi Sergeli prospekti hamda Xonabodtepa orqali aylanadi.
- 32-avtobus esa Ippodrom tomonga Bog‘ibo‘ston ko‘chasi va KHAY kesishmasidan Do‘mbirobod ko‘chasi orqali, 16-shahar shifoxonasi va Do‘mbirobod massivi orqali harakatlanadi.
Transport boshqarmasi yo‘lovchilardan vaqtinchalik o‘zgarishlarga tayyor turishni, avtobuslarga chiqishda ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi uchta avtobusning harakat yo‘nalishi o‘zgargani haqida yozgandi.