Yangiliklar

Lukashenko Tramp talabi bilan 52 mahbusni ozod qildi

Buning evaziga AQSh Belarus sanksiyalarini yumshatdi
Lukashenko Tramp talabi bilan 52 mahbusni ozod qildi / Foto: President.gov.by

Belarus AQSh prezidenti Donald Trampning murojaatidan so‘ng 52 nafar turli millatdagi mahbusni ozod qildi va ular AQSh delegatsiyasi bilan Litvaga yo‘l oldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Buning evaziga AQSh Belarus milliy aviakompaniyasi Belaviaga nisbatan sanksiyalarni yumshatib, uning Boeing samolyotlariga xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar sotib olishiga ruxsat berdi.

Bu Lukashenkoning eng katta avfi bo‘ldi, lekin Tramp talab qilgan 1300 – 1400 mahbusdan ancha kam son ozod qilindi. Ular orasida Nobel mukofoti sovrindori Ales Belyatskiy bor-yo‘qligi noma’lum. Shunga qaramay, Litva prezidenti bu voqeani AQSh va xalqaro hamjamiyat uchun muhim diplomatik yutuq deb atadi. Belta xabariga ko‘ra, ozod qilinganlar orasida Litva, Latviya, Polsha, Fransiya, Britaniya va Germaniya fuqarolari ham bor.

AQSh delegatsiyasi rahbari Jon Koel Trampning Lukashenko uchun «Donald» deb imzolangan xatini topshirdi. Unda Tramp Minskdagi elchixonani qayta ochishni xohlashini bildirgan. Lukashenko esa Trampni maqtadi va uning tinchlik tashabbuslarini qo‘llashini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQSh bilan savdo kelishuvi tuzgan davlatlarga ayrim tovarlarda bojxona imtiyozlari beruvchi farmonini imzolagan edi.