
Namangan viloyatining Namangan shahri va Uychi tumanidagi 5 manzilda uch nafar fuqaroga tegishli yashirin dori omborlari aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, o‘tkazilgan tekshiruvlarda Xitoy, Rossiya, Hindiston, Turkiya, Germaniya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan, hujjatlarsiz 7,2 mlrd so‘mlik 102 mingdan ortiq «Geparin», «Aktovegin», «Hilak forte» va «Ursofalk» kabi kontrafakt dorilar topildi. Shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi «Testosteron» va «Retabolil» ham borligi ma’lum bo‘ldi.

Dori vositalari noqonuniy ravishda Qirg‘izistondan olib kirilgani aniqlangan. Holat yuzasidan JKning tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida «Zardeks» psixotrop dorisi savdosining oldi olingan edi.