Yangiliklar

O‘zbekistonning «Do‘stlik» va «Eski Tuyatortar» kanallari Jahon irrigatsiya merosi obyekti sifatida tan olindi

Kanallarga «WHIS Award – 2025» sertifikatlari topshirildi
O‘zbekistonning «Do‘stlik» va «Eski Tuyatortar» kanallari Jahon irrigatsiya merosi obyekti sifatida tan olindi / Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekistonning «Do‘stlik» va «Eski Tuyatortar» kanallari Jahon irrigatsiya merosi obyekti sifatida e’tirof etildi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Ushbu tanlov Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi 76-Xalqaro ijroiya kengashi majlisi doirasida bo‘lib o‘tdi va kanallarga «WHIS Award – 2025» sertifikatlari topshirildi.

Foto: «Dunyo» AA

Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilgan 4-Butunjahon irrigatsiya forumida 70 dan ortiq davlatlar rasmiylari, yetakchi mutaxassislar va 120 ga yaqin xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Forum doirasida suv resurslarini tejash, transchegaraviy suvdan samarali foydalanish va zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Foto: «Dunyo» AA

Komissiya bosh kotibi Kumar Gupta kanallarni nafaqat mintaqaviy, balki jahon miqyosida qimmatli meros ekanini ta’kidladi va O‘zbekistonning ushbu obyektlarni saqlash hamda zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini olqishladi.

Shuningdek, forum ishtirokchilariga O‘zbekistonda 2 mln gektar sug‘oriladigan yerda suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgani va yillik 2 mlrd m³ suv iqtisod qilingani haqida ma’lumot berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Malayziya $5 milliarddan ortiq qiymatdagi loyihalarni amalga oshirishi haqida yozgan edik.