
Yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30% chegirma beriladi. O‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini qo‘llashi uchun esa 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Bundan tashqari, kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi ikki barobar kamaytiriladi. Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama belgilanadi.
Bakalavrni imtiyozli diplom bilan tamomlab maktabda ishlashni boshlaganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi.
Shu bilan birga, dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga $20 minggacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi. Reytingdagi 100 talik maktab va bog‘cha, 20 talik texnikum hamda TOP-10 oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezd chiptalariga 15–20% chegirma taqdim etiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda chet eldagi Top-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochilishi haqida xabar berilgandi. Ushbu tashabbuslar natijasida talabalar xalqaro standartlarga mos bilim olish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, oliygohlarda xorijiy Top-500 universitetlari bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotеxnologiya, tibbiyot, «yashil» energetika kabi yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etiladi.