Yangiliklar

Yaqin qarindoshlarim ichida munosabatni butunlay uzgan yagona inson — Maryam Tillyaeva onasi haqida

U onasi bilan 5 yildan beri muloqot qilmayotganini aytdi
Foto: Toping.uz

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi, bloger Maryam Tillyaeva 15-sentabr kuni Instagram’dagi savollarga javob berar ekan, onasi Lola Karimova bilan 5 yildan beri muloqot qilmayotganini ma’lum qildi.

Maryamning so‘zlariga ko‘ra, onasi yaqin qarindoshlari ichida u munosabatni butunlay uzgan yagona inson bo‘lib qolgan. U onasining o‘zini g‘alati tutishini ta’kidlab, ko‘pincha omma oldida o‘zini yaxshi ko‘rsatishga va ba’zan jabrdiyda sifatida ko‘rinishga urinishi haqida yozdi.

Bloger bu holat unga bir paytlar og‘riqli ta’sir qilganini, ammo vaqt o‘tishi bilan bunga ko‘nikkanini bildirib, ukasi va singlisiga achinishini ham qo‘shimcha qildi.

«Biz besh yildan beri gaplashmayapmiz, lekin ichki sezgim kuchli, qandaydir tarzda u bilan aloqam bordek. Vaqt o‘tishi bilan muammolar ko‘paydi. Qachon yarashishimiz mumkinligini bilmayman, chunki uni tobora tanimay qolyapman», deb yozdi Maryam.

U, shuningdek, onasining unga nisbatan nosog‘lom raqobat qilayotganini his qilishini qayd etdi.

«Axir men qanday qilib unga raqobatchi bo‘lishim mumkin? U meni dunyoga keltirgan bo‘lsa, men 50 foiz onam, 50 foiz otam», deya izoh berdi.

Maryam Tillyaeva o‘z oilasining tarixi murakkab ekanini, ba’zi voqealarni esa buvisi Tatyana Karimova va boshqa qarindoshlariga hurmat yuzasidan oshkor eta olmasligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori mansab va pul oila ichidagi mojarolar va ko‘z yoshlar oldida arzimasdir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lola Tillayevaning Sherzodxon Qudratxo‘janing Islom Karimov haqida aytgan gaplariga bergan izohi haqida yozgan edi.