
Oʻzbekistonning tashqi savdo hajmi 2025-yilning yanvar – avgust oylarida $51,4 milliardni tashkil etdi. Milliy statistika qoʻmitasi ma’lumotiga koʻra, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 19,8 foizga koʻp.
1-sentabr holatiga mamlakat $22,9 mlrdlik tovar eksport qilgan, import hajmi esa $28,4 mlrdni tashkil etgan. Eksport yillik hisobda 31,3 foiz, import esa 11,8 foizga oʻsdi.
Xitoy Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkori boʻlib qolmoqda — $9,7 mlrdlik koʻrsatkich bilan. Ikkinchi oʻrinda Rossiya ($8,3 mlrd), uchinchi oʻrinda esa Qozogʻiston ($3 mlrd) joylashgan. Shuningdek, beshlikdan Turkiya ($1,9 mlrd) va Janubiy Koreya ($1,1 mlrd) ham oʻrin oldi.
O‘zbekistonning 2025-yilda TOP – 10 tashqi savdo hamkorlari
O‘rin | Davlat | Hajm (mlrd $) |
---|---|---|
1 | Xitoy | 9,7 |
2 | Rossiya Federatsiyasi | 8,3 |
3 | Qozog‘iston | 3,0 |
4 | Afg‘oniston | 1,0 |
5 | Fransiya | 1,0 |
6 | Hindiston | 0,9 |
7 | Germaniya | 0,9 |
8 | Turkiya | 1,9 |
9 | Janubiy Koreya | 1,1 |
10 | BAA | 0,8 |
Eksport tarkibida asosiy ulushni tovarlar (75,2%) tashkil etgan. Sanoat mahsulotlari 11,1 foiz, qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari esa 7,8 foizni tashkil etdi. Shu davrda oltin eksporti hajmi $8,4 mlrddan oshdi.
Importning asosiy qismini mashina va transport uskunalari (33,8%) hamda sanoat mollari (16,1%) egalladi.
Avvalroq Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi yetti oyda 20 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.