Yangiliklar

106 ta avtomobildan Gorilla ichimligining noqonuniy reklamasi olib tashlandi

Tashqi reklama va axborot obyektlari orqali energetik ichimliklarni targ‘ib qilish taqiqlangan
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«Aion beverages» MChJga qarashli avtotransport vositalarida Gorilla energetik ichimligi reklamasi qonun talablariga zid ravishda keng targ‘ib qilinganligi aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan yo‘llangan murojaatda tegishli avtotransport vositasida reklama joylashtirilishi haqida e’tiroz bildirilgan.

Tekshiruvlar natijasida 106 ta avtotransport vositasida reklama qoidalarining buzilishi aniqlandi. Qonunchilikka ko‘ra, tashqi reklama va axborot obyektlari orqali energetik ichimliklarni targ‘ib qilish taqiqlangan.

Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, barcha 106 ta avtotransport vositasidagi reklama to‘liq olib tashlandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Marg‘ilonda sotilayotgan dush geli foydalanishga xavfli deb topilgani haqida yozgandi.