Yangiliklar

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil boshida o‘tkaziladi

2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha davom etadi
Foto: Yandex Map

O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra o‘tkaziladi. Tadbir 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha davom etadi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.

Ro‘yxatga olishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi. Jarayonga «mahalla yettiligi» tizimi xodimlari jalb etiladi. Ular 2025-yil 15-dekabrdan 2026-yil 1-martgacha ishlaydi va planshetlardan foydalanib ro‘yxatga olishni amalga oshiradi.

Davlat organlari va tashkilotlari esa 2026-yil 15 – 31-yanvar kunlari barcha xodimlarini census.stat.uz portalida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart bo‘ladi.

Shuningdek, tuman va shaharlarda ro‘yxatga olish shtablari tashkil etilib, ularning faoliyati muntazam nazorat qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda o‘tkazilgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» III xalqaro forumida mutaxassislar O‘zbekiston kelgusi yili aholini ro‘yxatga olish tadbiridan so‘ng ijtimoiy siyosatni qayta ko‘rib chiqishga tayyorlanishi zarurligini alohida ta’kidlagani haqida yozgandi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining aholi fondining (UNFPA) Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Florens Bauer Markaziy Osiyo o‘ziga xos demografik chorrahada joylashganini ta’kidladi.

«Aholining uchdan bir qismi 15 yoshgacha bo‘lganlar bo‘lib, kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi izchil o‘sib bormoqda. Bu ham imkoniyat, ham muammo tug‘diradi. Ushbu demografik imkoniyat oynasidan foydalanish uchun inson kapitaliga, sifatli ta’limga, sog‘liqni saqlashga, ayollar va yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga sarmoya kiritish muhim ahamiyatga ega», dedi u.