
Bugun, 22-sentabr kuni Toshkent havosida mayda PM-2.5 zarrachalari miqdori keskin oshib ketdi. IQAir xalqaro platformasiga koʻra, poytaxt havosi dunyoning 130 ga yaqin yirik shaharlaridan eng yomon koʻrsatkichni qayd etdi.

Oʻzgidrometning 15:00 dagi monitoring ma’lumotlariga koʻra, Toshkent gʻarbida — Uchtepa hokimligi binosi yonida oʻrnatilgan datchik havo sifatini oʻlchashda milliy standartdan 4–5 baravar yuqori ifloslanish qayd etdi. Bu koʻrsatkich Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiya etgan yiliga ruxsat etilgan me’yordan qariyb 30 baravar yuqori.
Soat 16:00 dagi kuzatuvlar shuni koʻrsatdiki, poytaxtning gʻarbiy hududida eng yuqori ifloslanish saqlanmoqda. Sharqiy qismda — «Yangi Oʻzbekiston» bogʻidagi datchik 68 mkg/m³ ni qayd etdi, bu gʻarbdagi koʻrsatkichdan uch baravar past.
Milliy meʼyor yiliga 35 mkg/m³ ni tashkil etsa, JSST talabi boʻyicha bu koʻrsatkich 5 mkg/m³ dan oshmasligi kerak. Ammo hozirgi vaziyatda Toshkent havosidagi zarrachalar mazkur cheklovlardan bir necha baravar yuqori boʻlib turibdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘onada zilzila sodir bo‘lgani haqida yozgandi.