
Shavkat Mirziyoyev 20 – 24-sentabr kunlari BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun AQShning Nyu-York shahrida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida davlat rahbari mamlakatning qator kompaniyalari va mutasaddilarini qabul qildi.
Davlat rahbari kimlar bilan uchrashdi
22-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevani qabul qildi.

Tomonlar XVJ bilan hamkorlikni kengaytirish, makroiqtisodiy siyosat, budjet va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda mamlakat moliya sohasining barqarorligi, «yo‘l xaritasi»ni amalga oshirish hamda XVJ markazlarida o‘zbekistonlik mutaxassislarning malaka oshirishi ijobiy baholandi.

Prezident o‘ziga ajratilgan qarorgohda AQShning Traxys kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Alan Dokter, Kolorado Geologiya maktabi vitse-prezidenti Jon Bredford, FLSmidth kompaniyasi katta vitse-prezidenti Piter Flanagan, McKinsey kompaniyasi katta hamkori va Markaziy Osiyo bo‘yicha ofisi rahbari Ermolay Soljenitsin, shuningdek, Go Green Partners bosh direktori Mixail Sedoy bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoyev BlackRock kompaniyasi katta boshqaruvchisi Adebay Ogunlesi bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda energetika, transport va suv infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha strategik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, qo‘shma fond va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Mirziyoyev Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Bangani qabul qildi.
Uchrashuvda strategik sheriklikni kengaytirish, barqaror iqtisodiy o‘sish, kambaqalilikni kamaytirish va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo infratuzilmasini rivojlantirish va qo‘shma loyiha portfelini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston rahbari AQShning yirik moliyaviy korporatsiyasi Citigroup raisi Jon Dugan bilan ko‘rishdi.
Uchrashuvda bank va davlat korxonalari uchun obligatsiyalarni joylashtirish, IPO bitimlari, yevroobligatsiyalar chiqarish hamda moliyaviy yechimlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib oldi.
Shu bilan birga, davlat rahbari quyidagi shaxslarni ham qabul qildi:
- Franklin Templeton kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Jenni Jonson;
- BNY kompaniyasi bosh tijorat direktori Katinka Valstrom;
- Jefferies kompaniyasi rahbari Brayan Fridman;
- NASDAQ fond birjasi raisi Adena Fridman;
- Oppenheimer Holdings kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Robert Lovental;
- Boeing Global kompaniyasi prezidenti Brendan Nelson;
- AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor;
- Air Products kompaniyasi bosh ijrochi direktori Eduardo Menezes;
- Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala.
Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev bugun, 23-sentabr kuni, Nyu-York vaqti bilan 13:00–15:00 (Toshkent vaqti bilan 22:00–00:00) oralig‘ida BMTning 80-yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda nutq so‘zlaydi. Bu O‘zbekiston rahbarining BMT Bosh Assambleyasidagi 5-chi chiqishi bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidentini tug‘ilgan kuni bilan tabriklagani haqida yozgandi.