Yangiliklar

Uzbekistan Airways samolyotlar parkini 22 taga kengaytiradi

Shartnoma qiymati $8 mlrd
Foto: Uzbekistan Airways

Uzbekistan Airways Boeing kompaniyasi bilan 14 ta Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini xarid qilish va yana 8 tasini opsion asosida olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Samolyotlar 2031-yildan boshlab yetkazib beriladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Yangi avialaynerlar aviakompaniyaga uzoq masofali parvozlarni kengaytirish, jadvalni barqarorlashtirish va yo‘nalishlar geografiyasini oshirish imkonini beradi. Bu orqali Markaziy Osiyo Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo – Tinch okeani mintaqasi bilan yanada yaqinroq bog‘lanadi.

Uzbekistan Airways 2016-yildan beri Dreamliner samolyotlarini parvozlarda qo‘llab kelmoqda. Hozirda ular aviakompaniyaning qit’alar aro reyslarida asosiy o‘rin tutadi. Endi esa 787-9 modeli yo‘lovchi sig‘imini ko‘paytirib, parvoz masofasini kengaytiradi.

«Dreamliner samolyotlari biz uchun strategik ahamiyatga ega. Yangi shartnoma Uzbekistan Airwaysni mintaqadagi yetakchi aviatashuvchi sifatida mustahkamlashga xizmat qiladi», dedi Uzbekistan Airways boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulov.

Bu kelishuv «O‘zbekiston – 2030» dasturining aviatsiya bo‘yicha ustuvor maqsadlariga hamohang bo‘lib, Toshkentni Markaziy Osiyoning yirik xalqaro tranzit markaziga aylantirishni maqsad qilgan.

«787 Dreamliner’ning yoqilg‘i tejamkorligi va moslashuvchanligi Uzbekistan Airways’ga yangi bozorlarni ochib beradi va sayohatchilarni O‘zbekiston madaniyati bilan tanishtirish imkonini yaratadi», dedi Boeing vitse-prezidenti Bred MakMallen.

Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida quyidagi postni yozib qoldirdi:

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Shu oy boshida men O‘zbekiston prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan edim. Bugun men prezident Mirziyoyevni Boeing bilan ULKAN bitim imzolangani bilan tabriklayman! Uzbekistan Airways $8 milliarddan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta 787 Dreamliner samolyotini xarid qiladi. Bu Qo‘shma Shtatlarda 35 mingdan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi. Prezident Mirziyoyev – bir so‘zli inson va biz boshqa ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz! Bu masalaga e’tiboringiz uchun tashakkur».

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent – Islomobod – Toshkent yo‘nalishida reyslar soni ko‘payishi haqida yozgandi.