Yangiliklar

WhatsApp’da xabarlarni tarjima qilish funksiyasi ishga tushdi

Yangi funksiya 23-sentabrdan boshlab bosqichma-bosqich taqdim etilmoqda
Foto: Tech Advisor

WhatsApp xabarlarni tarjima qilish funksiyasini ishga tushirdi. Bu haqda messenjer blogida ma’lum qilindi.

Endilikda foydalanuvchilar boshqa tilda yozilgan xabarni «Tarjima qilish» tugmasi orqali uni tanlangan tilga o‘girishi mumkin. Tilni yuklab olish orqali esa keyingi tarjimalar tezkor amalga oshadi. Funksiya shaxsiy chatlarda, guruhlarda hamda kanallardagi yangilanishlarda qo‘llaniladi.

Android foydalanuvchilari xohlasa, butun suhbat bo‘yicha avtomatik tarjimani yoqib qo‘yishlari mumkin. Bu esa chatdagi barcha kelajakdagi xabarlarni avtomatik tarjima qiladi.

WhatsApp maxfiylik masalasiga ham urg‘u berdi. Tarjimalar faqat foydalanuvchi qurilmasida amalga oshiriladi va messenjer ularni ko‘ra olmaydi.

Yangi funksiya 23-sentabrdan boshlab Android va iPhone foydalanuvchilariga bosqichma-bosqich taqdim etilmoqda. Hozircha Android’da ingliz, ispan, hind, portugal, rus va arab tili qo‘llab-quvvatlanmoqda. iPhone foydalanuvchilari esa 19 ta tildan ortiq variantdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nepal hukumati YouTube va WhatsAppʼni bloklagani haqida yozgandi.