
Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir nechta shaxslar noqonuniy valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullangani uchun qo‘lga olindi.
Toshkent viloyatida o‘tkazilgan reydda ilgari sudlangan Sh.I. $4 mingni fuqaroga 49,4 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Shu kabi holat Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida ham qayd etildi. Bu yerda fuqaro $4 mingni 50 mln so‘mga sotishini aytib, xaridorga 2 ming dollar bergan vaqtida qo‘lga olindi. Tekshiruv davomida olingan pullardan $100 lik banknota qalbakiligi aniqlangan.
Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida ham ikki shaxs fuqarodan 2 ming AQSh dollari hamda 150 ming Rossiya rublini 45,8 mln so‘mga sotib olayotganda ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlar yasash va tarqatish) hamda 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 26-sentabr kuni xorijiy valyutalarni qaysi banklarda qulay narxda almashtirish mumkinligi haqida yozgan edi.