
Moskvada yangi futbol loyihasi — UMMA League yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda liga rahbari Rinat Kayumov ma’lum qildi.
Kayumovning so‘zlariga ko‘ra, liga musulmonlarning turli jamoalari va turnirlarini yagona format ostida birlashtirish maqsadida tashkil etilgan. Hozirda musobaqa rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda va unda 14 ta jamoa qatnashmoqda. Shuningdek, liga tarkibida boshqa din vakillari ham ishtirok etmoqda.
Qoidalar:
- O‘yinchilar belgilangan dres-kodga amal qilishi shart. Masalan, tana qismlarini (avrat) ochib o‘ynash taqiqlanadi.
- Maydonda haqoratli so‘z ishlatish ham man etilgan. Bu qoidani buzgan futbolchi ogohlantiriladi yoki bir necha o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi.
Kayumovning ta’kidlashicha, ligada faqat havaskor futbolchilar ishtirok etadi. Professional futbolchilarga faqat mehmon sifatida — murabbiy yoki maslahatchi tarzida qatnashish imkoniyati beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziyaning Zetrix kompaniyasi NurAI nomli sun’iy intellekt (SI) asosidagi islomiy chat-botni taqdim etgani haqida xabar berilgandi.