Yangiliklar

Toshkentda beshta avtobus yo‘nalishi vaqtinchalik o‘zgartirildi

2 – 15-oktabr kunlari
Avtobus
Toshkentda beshta avtobus yo‘nalishi vaqtinchalik o‘zgartirildi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Qumariq ko‘chasi joriy yilning 2 – 15-oktabr kunlari issiqlik tarmoqlarini almashtirish ishlari sababli vaqtinchalik yopiladi. Bu haqda Toshkent shahar transport boshqarmasi ma’lum qildi.

Mazkur ta’mirlash davrida quyidagi avtobus yo‘nalishlariga vaqtinchalik o‘zgarishlar kiritildi:

– 61-yo‘nalish A.S. Banokatiy va boshqa ko‘chalar orqali harakatlanadi;
– 106-yo‘nalish Sariko‘l va Bobur ko‘chalari orqali;
– 40-yo‘nalish Bobur, Kichik halqa yo‘li va boshqa ko‘chalar orqali RET zavodigacha;
– 66-yo‘nalish Qumariq va boshqa ko‘chalar orqali RET zavodigacha;
– 52-yo‘nalish Lokomotiv ko‘chasi bekati va Toshkent vokzali oralig‘ida qatnaydi.

Boshqarma ta’mirlash davrida tirbandliklar yuzaga kelishi mumkinligini, shu sababli yo‘lovchilarga safarlarini oldindan rejalashtirishni tavsiya qilmoqda.

Bundan oldin Shota Rustaveli ko‘chasida harakatlanish bo‘yicha yo‘riqnoma chiqarilgandi. Mazkur ko‘cha yaqinda rekonstruksiya qilindi va ko‘plab haydovchilar orasida yo‘l harakati tartibi yuzasidan savollar paydo bo‘lgan edi.

Hokimiyat vakillari tushuntirish berish jarayonida, xususan, Grand Mir Hotel mehmonxonasi yonida tashkil etilgan halqa harakati qanday ishlashi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, chorrahalarda qaysi qatordan chapga burilish mumkinligi ham alohida ko‘rsatib o‘tildi.