
Tesla bosh direktori Ilon Maskning $1 trlnlik maosh rejasi aksiyadorlar va bir qator shtat rasmiylari tomonidan keskin tanqid qilindi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Ular noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda bu rejaga qarshi ovoz berishga chaqirmoqda.
SOC Investment Group, Nevada, Nyu-Meksiko va Konnektikut shtatlari g‘aznachilari ham bu tashabbusga qarshi chiqdi. Ular, shuningdek, Tesla direktorlaridan ayrimlarini qayta saylashni ham qo‘llab-quvvatlamaslikni so‘rashdi.
Tanqidchilar kompaniya kengashini Maskni saqlab qolish uchun «ortiqcha harakat qilishda» ayblamoqda. Ularning fikricha, bu yondashuv muhim maqsadlar bajarilishini kechiktirdi va Tesla moliyaviy hamda operatsion ko‘rsatkichlarida pasayish kuzatilmoqda.
Tesla rekord choraklik yetkazib berish natijalarini e’lon qilgan bo‘lsa-da, AQShdagi elektromobil soliq imtiyozlari tugashi savdolarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud.
Tesla esa Maskning maosh rejasi aksiyadorlarga trillionlab dollar qiymat qo‘shish maqsadida tuzilganini ta’kidlamoqda. Kompaniya bayonotida: «Agar Ilon Mask natija bermasa, u hech narsa olmaydi», deya qo‘shimcha qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask qatnashadigan Xalqaro astronavtika kongressi O‘zbekistonda o‘tkazilishi haqida yozgan edik.