Yangiliklar

Oʻzbekiston Markaziy banki avgust oyida ikki tonna oltin sotib oldi — WGC

Mazkur oyda jahon bo‘yicha markaziy banklar jami 15 tonna oltin xarid qilgan
золотые слитки
Foto: Unsplash

Oʻzbekiston Markaziy banki 2025-yil avgust oyida oltin zaxirasini ikki tonnaga koʻpaytirdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) hisobotida ma’lum qilindi.

Aniqlanishicha, mazkur oyda jahon boʻyicha markaziy banklar jami 15 tonna oltin xarid qilgan. Eng yirik xaridor Qozogʻiston boʻlib, sakkiz tonna oltin sotib oldi. Shuningdek, Bolgariya, Xitoy va Turkiya ham Oʻzbekiston kabi ikki tonnadan xarid qildi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, oltin narxlari yil davomida bir necha bor tarixiy maksimumlarga chiqqani markaziy banklarning xarid hajmiga ta’sir qilishi mumkin. Ammo bu oltin bozoriga boʻlgan qiziqishning pasaygani degani emas.

«Xaridlarning sekinlashishi koʻproq taktik yondashuvning belgisi. Markaziy banklar oltindan voz kechmayapti», deyiladi hisobotda.

Qimmatbaho metallni sotgan yagona regulyatorlar Rossiya Markaziy banki — 3 tonna va Indoneziya banki — 2 tonna bo‘lgan. Kengash ekspertlari Rossiya oltin zaxiralarining kamayishi tanga zarb etish dasturi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $50 milliarddan oshgani haqida xabar bergan edi.