
Amazon asoschisi Jeff Bezos yaqin 10 – 20 yil ichida kosmosda gigavatt quvvatga ega ma’lumot markazlari qurilishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Quyosh energiyasining uzluksiz mavjudligi tufayli bunday markazlar Yerda joylashgan serverlardan samaraliroq bo‘ladi.
Bezos bu fikrlarini Italiyada o‘tkazilgan Italian Tech Week tadbirida bildirdi. U sun’iy intellekt rivojlanishini 2000-yillar boshidagi internet inqilobi bilan taqqoslab, texnologik «pufaklar» xavfiga qaramay, optimistik bo‘lishga chaqirdi.

So‘nggi yillarda orbital ma’lumot markazlari g‘oyasi texnologiya gigantlari orasida tobora ommalashmoqda. Yerda joylashgan markazlar ko‘p miqdorda elektr energiyasi va sovitish uchun suv talab qilgani sababli, kosmos bu borada muqobil yechim sifatida ko‘rilmoqda.
Bezosning fikricha, kelajakda kosmosdagi infratuzilma inson hayotini yaxshilashga xizmat qiladi. «Avval bu ob-havo va aloqa yo‘ldoshlari orqali amalga oshgan bo‘lsa, endi navbat ma’lumot markazlariga keldi», dedi u.
Biroq mutaxassislar bu jarayonning murakkab jihatlari ham borligini ta’kidlamoqda. Kosmosda texnik xizmat ko‘rsatish, yangilash ishlari va raketa uchirish xarajatlari hali ham asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Shunga qaramay, Bezos bu yo‘nalish insoniyat kelajagi uchun katta imkoniyatlar yaratishiga ishonmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask qatnashadigan Xalqaro astronavtika kongressi O‘zbekistonda o‘tkazilishi haqida yozgan edik.