
Telegram asoschisi Pavel Durov o‘z kanalidan Qozog‘istondagi «Kolsay ko‘llari» milliy bog‘ida cho‘milgan videosini o‘chirib tashladi.
Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng milliy bog‘ ma’muriyati xizmat tekshiruvini boshladi. TASS xabariga ko‘ra, bog‘ rahbariyati nazoratni ta’minlay olmagan xodimlarga nisbatan chora ko‘rilishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, bog‘ ma’muriyati inspektorlari Durovning qoidabuzarligini bevosita qayd etmaganini ma’lum qildi. Shu sababli unga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi.
Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, taqiqlangan joyda cho‘milganlik uchun taxminan 39 ming tenge yoki $73 miqdorida jarima belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, Pavel Durov o‘tgan hafta Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Digital Bridge forumida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga tashrif buyurgan edi. Tadbirda u Telegram kompaniyasi Ostona shahrida sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqot laboratoriyasini ochishini e’lon qilgan edi.