
2025-yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti vengriyalik yozuvchi Laslo Krasnaxorkaiga topshirildi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi xabar berdi.
U bu mukofotga «apokaliptik dahshat sharoitida ham san’at kuchini yana bir bor tasdiqlagan ishonarli va bashoratli ijodi uchun» sazovor bo‘ldi.
Qo‘mita uni Kafkadan va Tomas Bernharddan meros bo‘lgan Markaziy Yevropa adabiy an’analariga mansub buyuk epik yozuvchi sifatida ta’rifladi.
Krasnaxorkai 1985-yilda nashr etilgan «Shayton raqsi» (Sátántangó) romani orqali mashhurlikka erishgan. Uning boshqa taniqli asarlari qatorida «Qarshilik melanxoliyasi» (Az ellenállás melankóliája) va «Urush va urush» (Háború és háború) romanlari bor. 2015-yilda u Xalqaro Buker mukofotini ham qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti 10-oktabrda e’lon qilinadi.
Avvalroq kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti metall-organik tuzilmalar ixtirosi uchun berilgani haqida xabar berilgandi. Uni Yaponiyadan Susumu Kitagava, Avstraliyadan Richard Robson va AQShdan Omar Yagi qo‘lga kiritdi. Ular metall-organik karkas (MOK) tuzilmalar deb ataluvchi yangi turdagi molekulyar arxitektura yaratgani uchun taqdirlandi.