
Hukumat qaroriga muvofiq O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha davom etadi. Ro‘yxatga olishning boshlanish sanasi 2026-yil 15-yanvar soat 00:00 etib belgilangan. Umumiy davomiyligi 45 kunni tashkil etadi.
So‘rov jarayonida faqat ro‘yxatga olish sanasigacha bo‘lgan ma’lumotlar inobatga olinadi. Shu bois 2026-yil 15-yanvardan keyin tug‘ilgan bolalar ro‘yxatga kiritilmaydi, biroq bu sanadan keyin vafot etgan shaxslar hisobga olinadi.
Shuningdek, aholini ro‘yxatga olishda quyidagilar hisobga olinmaydi:
- bir yildan ortiq muddatda chet elda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari;
- mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy elchixonalar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari xodimlari va ularning oila a’zolari;
- diplomatik imtiyoz va immunitetga ega shaxslar.
Fuqarolar doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Bunda yashash joyi deb inson ko‘proq tunab qoladigan uy, kvartira yoki yashash uchun foydalanilayotgan bino hisoblanadi.
Avvalroq aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga 47 ming nafar mahalla xodimi jalb etilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, «mahalla yettiligi»da 66 142 ta xodim bor, shundan 47 mingtasi jarayonga jalb qilinadi. Ular 15 kun davomida o‘qitiladi