
Nissan kompaniyasi Leaf B7 modelining arzonroq versiyasi — Leaf B5 elektromobilini taqdim etdi. Model Yaponiya bozoridagi raqobatchilarga javob sifatida ishlab chiqilgan, deya xabar bermoqda Elektrek.
Leaf B5 2026-yil fevralda savdoga chiqadi. U 55 kVt·soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi va kengroq xaridorlar uchun qulay narxda taklif etiladi.

Kattaroq Leaf B7 modeli uchun buyurtmalar 2025-yil 17-oktabrdan qabul qilinadi. U 78 kVt·soatli akkumulyator bilan 702 km masofani bosib o‘tadi. Tezkor zaryadlash tizimi batareyani 35 daqiqada 80 foizgacha to‘ldiradi.

Leaf’ning uchinchi avlodi energiya boshqaruvi va batareya sovitish tizimi bilan yangilangan. Salonida ikkita 12,3 dyuymli ekran mavjud. B7 versiyasi X va G komplektatsiyalarida $34 – $39 ming oralig‘ida sotiladi.

Kelgusida Leaf B7 Autech ($42 ming) va arzonroq Leaf B5 versiyasi ham taqdim etiladi. Uning narxi savdo boshlanishi arafasida e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nissan yangilangan Sentra modeli namoyish etilgan edi.