Banklar va moliya

O‘zbekistonda oltin quymalar narxi yana rekord qayd etdi

Xususan, 5 grammli quyma 7,921 mln so‘mdan 8,043 mln so‘mga oshdi
Oltin narxi
O‘zbekistonda oltin quymalar narxi yana rekord qayd etdi. Foto: Unsplash

9-oktabr kuni oltin quymalar narxi rekordni yana bir bor yangiladi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 5 grammli quyma 7,921 mln so‘mdan 8,043 mln so‘mga, 10 grammli quyma 15,842 mln so‘mdan 16,085 mln so‘mga, 20 grammli quyma 31,684 mln so‘mdan 32,170 mln so‘mga ko‘tarildi.

Shuningdek, 50 grammli quyma 80,425 mln so‘m, 100 grammli esa 160,851 mln so‘mni tashkil etdi.

Jahon bozorida ham oltin narxi bir troya unsiyasi uchun $4 mingdan oshdi. Xususan, 9-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:07 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $4040,42 ga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil boshidan buyon O‘zbekiston ichki bozorida oltin quymalar narxi o‘rtacha 40 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, 2025-yil 3-yanvar kuni 5 grammli quyma 5,661 mln so‘mni tashkil etgan edi.