
O‘zbekiston va Serbiya qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, vazirlik vakillari Serbiya Respublikasining xalqaro iqtisodiy hamkorlik vaziri Nenad Popovich boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar agrar sohada o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari import-eksport hajmini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash hamda raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuvda talaba va soha mutaxassislarini malaka oshirish hamda tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Yakunda uzumchilik va vinochilik yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar, texnologik hamkorlikni kuchaytirish va tajriba almashishni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Fransiya qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilishi haqida yozgan edik.