Yangiliklar

UzPost infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun investor izlayotganini ma’lum qildi

Hozirda aksiyadorlar orasida davlat idoralari va 16 mingdan ortiq jismoniy hamda yuridik shaxslar bor
Foto: UzPost

Milliy pochta operatori «Oʻzbekiston pochtasi» aksiyalarining xususiylashtirilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Kompaniya rasmiy bayonotida aytilishicha, hozirda asosiy e’tibor infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika tizimini rivojlantirish va raqamli texnologiyalarni joriy etish uchun investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan.

«Bugungi kunda dunyo miqyosida an’anaviy pochta xizmatlariga talab kamayib borayotgani, shu bilan birga, elektron tijorat va yetkazib berish xizmatlari hajmining jadal oʻsayotgani bois, koʻrsatilayotgan xizmatlarning qulayligi va texnologik darajasiga boʻlgan talab ortib bormoqda. Shu sababli ʼOʻzbekiston pochtasiʼ AJ investitsiyalarni jalb etish masalasini koʻrib chiqmoqda», — deyiladi kompaniya bayonotida.

Kompaniya rahbariyati ta’kidlashicha, bu jarayon «Oʻzbekiston pochtasi» faoliyatini uzoq muddat barqaror saqlash, xususiy yetkazib berish operatorlari sharoitida raqobatbardoshlikni oshirish va xizmat koʻrsatish sifatini xalqaro standartlarga moslashtirishga qaratilgan. Bundan tashqari, yangi investitsiyalar natijasida respublikaning olis hududlarida ham zamonaviy pochta markazlari tashkil etiladi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi va elektron tijorat infratuzilmasi kengayadi.

Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov ijtimoiy tarmoqlarda davlat ulushini Rossiyada faoliyat yurituvchi yirik elektron savdo platformalaridan biri sotib olgan boʻlishi mumkinligi haqida xabar bergandi.

«Oʻzbekiston pochtasi» rasmiy ma’lumotida agar yirik investor jalb etilishi bilan bogʻliq oʻzgarishlar roʻy bersa, bu haqda «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonun talablariga muvofiq ochiq tarzda e’lon qilinishi bildirilgan.

Ma’lumot uchun, hozirda «Oʻzbekiston pochtasi» aksiyadorlari orasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, beshta davlat korxonasi hamda 16 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxslar mavjud.

Avvalroq Kursiv «Oʻzbekiston pochtasi» xususiylashtirilgani haqida xabarlar tarqalgani haqida xabar bergan edi.