Yangiliklar

Toshkentda narkotik savdosi bilan bog‘liq holatlar fosh etildi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkentda yirik narkotik savdosi bilan bog‘liq holatlar fosh etildi / Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida Toshkent shahri va viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta narkotik jinoyatlar aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrining Olmazor tumanida IIB profilaktika inspektori o‘z xizmat xonadonida yashirin narkolaboratoriya tashkil etgan. U yerdan 10,5 kilogramm «Alfa-PVP», 4 gramm «Spays», shuningdek, tayyorlash uchun mo‘ljallangan suyuqlik va uskunalar daliliy ashyo sifatida olindi. Shuningdek, inspektorning Toshkent tumanidagi uyidan 430 gramm «Alfa-PVP» topildi.

Aniqlanishicha, u «Telegram» orqali faoliyat yurituvchi narkotarmoq bilan bog‘lanib, kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan moddalarni tayyorlab, tarqatish bilan shug‘ullangan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ish qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

Shuningdek, Angrenda ikki yosh yigit «zakladka» yo‘li bilan 971 gramm «Katinon» sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Ushbu holat yuzasidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Farg‘onada aksiz markasiz tamaki mahsulotlari savdosining oldi olingani haqida xabar bergan edik.