
Farg‘ona shahrida katta miqdordagi noqonuniy tamaki mahsulotlari yo‘q qilindi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi xabar berdi.
Byuroning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan 12 ta holatda umumiy qiymati 486 million so‘mlik, 34,6 ming quti tamaki mahsulotlari aniqlangan va sud qarori asosida musodara qilingan. So‘ng ularni yo‘q qilish maqsadida shaharining chekkasida joylashgan maxsus chiqindi poligonida keng ko‘lamli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tadbir kontrabanda mahsulotlariga qarshi kurashdagi qat’iylik va izchillikni yana bir bor ko‘rsatdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu boradagi nazoratni yanada kuchaytirishni davom ettiradi.
Avvalroq Farg‘onada kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Xabarga ko‘ra, Xo‘ja Ahmad Vale mahallasida yashovchi fuqaro uyida 6,9 ming dona «Zardeks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotish maqsadida saqlab kelgani aniqlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.