Sport

O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi imkoniyati baholandi

Foto: O‘FA

ESPN nashri 2026-yili AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida qatnashadigan va qatnashishi mumkin bo‘lgan jamoalarning g‘olib bo‘lish ehtimolini baholadi.

Reytingda allaqachon Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan va saralash bosqichida ishtirok etayotgan 87 terma jamoa joy olgan. Unga ko‘ra, birinchi o‘rinda Desham boshchiligidagi Fransiya terma jamoasi joy oldi. Tarkibida Kilian Mbappe, Usmon Dembele va Antuan Grezman kabi hujumchilar harakat qiladigan «Uch ranglilar» turnir favoriti sifatida ko‘rilmoqda.

Ikkinchi o‘rinda esa Ispaniya terma jamoasi o‘rin olgan. Amaldagi Yevropa chempionlari tezkor qanotlar va maydon markazidagi nazorat evaziga o‘yin taqdirini hal qila oladi. Lamin Yamal, Niko Uiliams va Pedri «Qizil furiya»ga Jahon chempionligini qaytarishga harakat qilishadi. Kuchli uchlikni Angliya termasi yopib beradi.

Fabio Kannavaro boshqaruvidagi O‘zbekiston terma jamoasi esa 53-o‘rinni band qilgan. Osiyo qit’asida eng yuqori o‘rin Yaponiya (27) termasiga nasib etgan.

Reytingda to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni Portugaliya hamda Braziliya egallagan. Ulardan keyingi o‘rinlarda Niderlandiya (6), Argentina (7), Italiya (8), Germaniya (9) va Urugvay joy olgan bo‘lib, aynan shu jamoalar kuchli o‘nlikni shakllantiradi.

Avvalroq Kursiv O‘zbekistan Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqqan jamoalar soni 28 taga yetgani haqida xabar bergan edi.