Sport

«Paxtakor» akademiyasi dunyoning eng yaxshi 100 ta futbol maktabi ro‘yxatiga kirdi

Ekspertlar tayyorgarlik indeksi bo‘yicha 34,1 ball berdi
Paxtakor futbol akademiyasi
Foto: Paxtakor futbol akademiyasi

Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES) tomonidan e’lon qilingan eng nufuzli futbol akademiyalari reytingida Toshkentning «Paxtakor» klubi akademiyasi 90-o‘rinni egalladi.

Bu ro‘yxatga jahon bo‘ylab 49 ta ligadan tanlangan 100 ta eng kuchli akademiya kirgan bo‘lib, unda Yevropaning katta klublari – «Barselona», «Real Madrid», «Ajax» va boshqalar bilan birga O‘zbekiston klubi ham joy oldi.

Ekspertlar 57 nafar o‘z yoshidagi futbolchini rasmiy o‘yinlarda jami 1899 daqiqa maydonga tushganini hisobga olib, tayyorgarlik indeksi bo‘yicha 34,1 ball berdi. Bu ko‘rsatkich klubning yosh iste’dodlarni jahon standartlariga mos tayyorlashdagi barqaror ishini yaqqol tasdiqlaydi.

CIES reytingida futbolchilarning klublar darajasi, o‘yin vaqti va ularning professional rivojlanish sur’ati hisobga olinadi. O‘zbekistonning boshqa klublari bu safar ro‘yxatga kira olmadi.

Shu bilan birga, MDH davlatlaridan reytingda Ukrainaning «Dinamo Kiyev» (34-o‘rin) va «Shaxtyor Donetsk» (60-o‘rin), shuningdek, Rossiyaning «Lokomotiv Moskva» (74-o‘rin) akademiyalari ham o‘rin olgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan The Guardian o‘zbekistonlik futbolchini eng iqtidorli 60 nafar futbolchisi ro‘yxatiga kiritgani haqida xabar bergan edi.