Yangiliklar

O‘zbekiston ochiqlik siyosati tufayli ko‘proq hamkorlarni jalb etmoqda — Mirziyoyeva AQSh delegatsiyasi bilan uchrashdi

Saida Mirziyoyeva AQSh prezidentining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili va davlat kotibi o‘rinbosari bilan uchrashdi
O‘zbekiston ochiqlik siyosati tufayli ko‘proq hamkorlarni jalb etmoqda — Mirziyoyeva AQSh delegatsiyasi bilan uchrashdi
O‘zbekiston ochiqlik siyosati tufayli ko‘proq hamkorlarni jalb etmoqda — Mirziyoyeva AQSh delegatsiyasi bilan uchrashdi. Foto: Saida Mirziyoyeva Telegram sahifasi

O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor va davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva Telegram’dagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Uchrashuvda AQShning yuqori martabali vakillari so‘nggi sakkiz yilda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning tezligi va ko‘lami yuqori baholanishini ta’kidladi.

Shuningdek, tomonlar savdo sohasidagi yangi imkoniyatlar va jamoat xavfsizligi yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildi. Saida Mirziyoyeva bunday uchrashuvlar mamlakatlar o‘rtasidagi salohiyatni chuqurroq tushunishga va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratishini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ochiqlik siyosati tufayli ta’lim, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda tobora ko‘proq xalqaro hamkorlarni jalb etmoqda.

Avvalroq ushbu AQSh delegatsiyasini Shavkat Mirziyoyev qabul qilgani xabar berilgandi. Uchrashuvda Mirziyoyevga maxsus kepka sovg‘a qilindi. Shuningdek, Serjio Gor Prezident Mirziyoyevga AQSh prezidenti Donald Trampning salomini yetkazdi. Tomonlar siyosiy muloqotning faollashgani, savdo aloqalarining kengaygani va «Yo‘l xaritasi» doirasidagi loyihalar izchil amalga oshirilayotganini qayd etdilar.