Sport

«Arsenal»ni chempionlikka da’vogar sifatida ko‘rishi, milliarder bo‘lgani: Ronaldu katta intervyu berdi

Ronaldu Pirs Morganga intervyu berdi
Foto: Marca

2022-yilda Krishtianu Ronaldu britaniyalik jurnalist Pirs Morgan bilan intervyusi orqali katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. O‘shanda portugaliyalik yulduz «Manchester Yunayted»ni keskin tanqid qilgan va oradan ko‘p o‘tmay jamoani tark etgan edi.

Oradan uch yil o‘tib, Ronaldu yana Pirs Morgan bilan suhbatlashdi. 4-noyabr kuni jurnalist intervyuning birinchi qismini e’lon qildi va bu suhbat ham avvalgisidek munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Ronaldu suhbat davomida «Arsenal»ni chempionlikka da’vogar sifatida ko‘rsatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» juda ko‘p ochko yo‘qotmoqda va klubga tizim yetishmayapti.

«Arsenal» chempion bo‘lishi mumkin, lekin «Manchester» emas. Bu klub hali ham yuragimda. Men uni yaxshi ko‘raman, lekin o‘zgarishlar kerak. Kelajak uchun aqlli odamlarni jalb etish lozim«, – dedi u.

Ronaldu o‘zining moliyaviy yutuqlari haqida ham to‘xtaldi. U o‘zini bir necha yil avval milliarderga aylanganini aytdi.

«Birinchi milliardni topganimda o‘zimni «Oltin to‘p» yutgandek his qilganman. Bu mening orzum edi. Men tarixdagi ilk va yagona milliarder futbolchiman», – deydi u.

Ronaldu eng qimmat xaridi shaxsiy samolyoti haqida ham so‘z yuritdi. Uning aytishicha, mashhurlik tufayli oddiy reyslarda parvoz qilish qiyin, shuning uchun samolyot sotib olish orzu emas, zarurat bo‘lgan.

«13 yil avval samolyot sotib olganman, yaqinda esa uni yangisiga almashtirdim. Farzandlarim nomi bilan qasam ichaman, nechta mashinam borligini bilmayman. Ularning soni taxminan 40 ta. Men uchun bu investitsiya. Ayniqsa, «Bugatti»ni yaxshi ko‘raman», – deydi futbolchi.

Portugaliyalik yulduz jahon chempionatini haddan tashqari bo‘rttirilgan turnir deb hisoblashini aytdi.

«Men bu musobaqada g‘alaba qozonishni orzu qilmayman. Nega eng kuchlilarni atigi 6-7 o‘yindan iborat turnir orqali aniqlash kerak? Bu adolatdan emas», – dedi u.

Ronaldu, shuningdek, futbolchilik faoliyatining yakuniga ham tayyorlanayotganini yashirmadi.

«Bu yaqin yillarda sodir bo‘ladi. Albatta, bu og‘ir bo‘ladi, ko‘z yosh to‘kiladi. Ammo men bunga tayyorman. 25 yoshimdan boshlab kelajagimni qanday tasavvur qilgan bo‘lsam, hozir ham o‘sha yo‘ldan ketayapman», – dedi futbolchi.

Pirs Morgan intervyusining ikkinchi qismi yaqin kunlarda e’lon qilinadi. Unda Ronaldu Donald Tramp, Diogu Jota va o‘z merosi haqida suhbat qurishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ronaldu 952-golni urgani haqida xabar bergan edi.