
Prezident qaroriga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanidagi Borsakelmas tuz koni hududida Kungrad salt free zone sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga muvofiq, 2025 – 2026-yillarda 50 gektar yer maydonida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi, keyinchalik zona hududi 200 gektargacha kengaytiriladi. 2026-yilda kamida $50 million, 2026 – 2030-yillarda esa jami $200 million miqdoridagi investitsiyalar jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, sanoat zonasida loyihalarni boshlagan tadbirkorlarga besh yil muddatga «Nukus» erkin iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomi beriladi.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda $2 milliard qiymatidagi 27 ta loyiha amalga oshirilishi xabar qilingandi. Bu orqali salkam 10 ming kishi ish topadi. Shuningdek, so‘nggi ikki yilda Qoraqalpog‘istonda 64 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, besh mingdan ortiq odamlar ish bilan ta’minlangan.