Yangiliklar

Prezident AQShning bir qator kompaniya va rasmiylari bilan uchrashdi

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida strategik hamkorlik kengaymoqda
Prezident AQShning bir qator kompaniya va rasmiylari bilan uchrashdi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Vashingtonda bir qator yuqori darajadagi ishbilarmon uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

U AQSh Eksport-import banki rahbari Jon Yovanovich bilan uchrashib, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, AT va muhim minerallar sohalaridagi yirik loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Eksimbank mamlakatimiz aviaparkini modernizatsiya qilish va «Boeing» samolyotlarini yetkazib berishdagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv yakunida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Eksimbank o‘rtasida qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitim almashildi.

Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev DFC bosh direktori Ben Blek bilan uchrashib, rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish, qo‘shma investitsiya platformalarini yaratish va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi. U davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma loyihalarida ishtirok etish muhimligini ta’kidladi.

Foto: President.uz

Uchrashuvlar doirasida «General Motors International» kompaniyasining global ijrochi direktori Shilpan Amin bilan avtomobil sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi. So‘nggi 5 yilda kompaniya O‘zbekistonda 1,6 mln avtomobil ishlab chiqdi, mamlakatimiz «Chevrolet» brendi bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi yirik bozorga aylandi.

Foto: President.uz

Prezident Xovard Latnik bilan muzokara o‘tkazib, savdo va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi, energetika va innovatsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Toshkent shahrida korporatsiyaning mintaqaviy ofisini ochish, soya va paxta yetkazib berish hamda ilg‘or tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dastlabki shartnomalar tuzildi.

Foto: President.uz

Tashrif yakunida AQShning yetakchi kompaniyalari va investitsiya institutlari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazilib, bir qator ikki tomonlama bitimlar imzolandi. Ularga nodir metallarni ishlab chiqarish, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sun’iy intellekt sohasida hamkorlik, samolyot yetkazib berish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha loyihalar kiradi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident AQSh Kongressi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi.