
Filippinda kuchli «Fung-wong» to‘foni sabab deyarli bir million kishi evakuatsiya qilindi. Bu haqda Japan Today mahalliy nashrlarga tayanib xabar bermoqda.
Filippinda «Fung-wong» yakshanba kuni mamlakatning shimoli-sharqiy qirg‘oqlariga yaqinlashib, kuchli yomg‘ir va shamol bilan elektr tarmoqlarini ishdan chiqardi. Dovul tufayli qariyb bir mln kishi xavfli hududlardan ko‘chirildi. Mudofaa vaziri aholini vaqtida xavfsiz joylarga o‘tishga chaqirdi.
«Fung-wong» diametri 1600 kilometrga teng bo‘lgan ulkan yomg‘ir va shamol zonasi bilan mamlakatning uchdan ikki qismini qamrab olishi mumkin. Dovul Tinch okeani tomondan yaqinlashmoqda. Mamlakat esa hanuz «Kalmaegi» to‘foni oqibatlarini bartaraf etmoqda. «Kalmaegi» markaziy viloyatlarda kamida 224 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, keyin esa Vyetnamga o‘tib yana kamida besh kishini halok qilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, 916 mingdan ortiq kishilar Bikol va boshqa xavfli hududlardagi qishloqlardan evakuatsiya qilingan. Ayrim joylarda Mayon vulqoni sabab yer ko‘chkisi xavfi ham yuqori.
Ko‘plab hududlarda maktablar va davlat idoralari dushanba va seshanba kunlari yopildi. 325 ta ichki va 61 ta xalqaro reys bekor qilindi. Qayiqlarning yo‘lga chiqishi taqiqlangani uchun 6600 dan ortiq yo‘lovchi va yuk tashuvchilar 100 dan ortiq portlarda qolib ketdi.
Rasmiylar 3 metr va undan yuqori balandlikdagi xavfli to‘lqinlar 20 dan ortiq viloyat qirg‘oqlariga zarba berishi mumkinligini ogohlantirmoqda. Manila ham xavf zonasi ichida.
Filippin har yili 20 ga yaqin kuchli dovul va bo‘ronlarga duch keladi. Mamlakatda kuchli zilzilalar va faol vulqonlar ham tez-tez uchraydi. Shu bois u dunyodagi eng xavfli tabiiy ofatlar hududlaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Filippindagi «Kalmaegi» to‘foni qurbonlari soni 200 nafarga yaqinlashgani haqida yozgan edi.