
AQSh prezidenti Donald Tramp har bir amerikalik uchun $2 ming miqdorda «tarif dividendi» berilishini aytdi. U bu haqda Truth Social’da yozdi.
Unga ko‘ra, yuqori daromad egalari bundan mustasno bo‘lishi mumkin, lekin kimlar aniq olishi va qachon to‘lanishi haqida batafsil ma’lumot berilmadi.
«Tariflarga qarshi odamlar — AHMOQLAR! Biz hozir dunyoning eng boy, eng obro‘li mamlakati bo‘ldik, inflyatsiya deyarli yo‘q, fond bozori narxi rekord darajada. 401k’lar har doim eng yuqori bo‘ladi. Biz trillionlab dollarlarni qabul qilmoqdamiz va tez orada 37 trillion dollarlik ulkan qarzimizni to‘lashni boshlaymiz. AQShda rekord darajadagi sarmoya, zavod va fabrikalar hamma joyda ko‘tarilib bormoqda. Har bir kishiga (yuqori daromadli odamlarni hisobga olmaganda!) kamida 2000 dollar dividend to‘lanadi», — deb yozdi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh 2025-yilning aprel–oktabr oylarida import bojlari orqali $151 milliard yig‘gan. Moliya vaziri Skott Bessent esa bu tushum yiliga $500 milliarddan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Trampning tarmoqda yozgan mazkur tashabbusi Kongressda qabul qilinishi juda qiyin ekani aytilmoqda. Ayrim respublikachi senatorlar $37 trillionlik davlat qarzi sharoitida bu g‘oyaga rozi bo‘lmasligini ochiq aytgan.
Avvalroq AQShda tarixdagi eng uzoq shatdaun yakuniga yetayotgani xabar qilingandi. AQSh senatorlari ikki partiyaviy kelishuvga erishib, mamlakat tarixidagi eng uzoq shatdaun, ya’ni hukumat faoliyatining to‘xtashini tugatish yo‘lida muhim qadam tashladi. Hukumat ishi 40 kun davomida qisman to‘xtab turgan edi.