Yangiliklar

SpaceX Starship’ni Oyga qo‘ndirish vaqtini ma’lum qildi

2027-yil iyun oyiga mo‘ljallanmoqda
SpaceX
Foto: SpaceX

SpaceX kompaniyasi Oyga tarixiy parvoz bo‘yicha yangi muddatlarni belgiladi. Unga ko‘ra, Starship kosmik kemasining birinchi bepilot qo‘nishi 2027-yil iyun oyiga mo‘ljallanmoqda.

Kompaniya undan keyin odamlar ishtirokidagi missiyani 2028-yil sentabrida amalga oshirishni reja qilgan.

Ammo bu rejalar bitta muhim shartga bog‘liq: orbital yo‘lda kosmik yoqilg‘i quyish texnologiyasining muvaffaqiyati. SpaceX 2026-yil iyun oyida ikki Starship orasida orbital yoqilg‘i uzatishni sinovdan o‘tkazmoqchi.

Bu texnologiya uzoq masofali parvozlar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega – Oyga yo‘lga chiqadigan modifikatsiya kema to‘liq yoqilg‘i bilan jo‘nab, qaytishga ham zaxira ega bo‘lishi kerak.

Texasdagi Starbase yonida yaqinda SpaceX logosi tushirilgan yirik sinov qurilmasi paydo bo‘lgani ham mazkur tayyorgarlik doirasida kuzatildi.

Starship’ning hozircha eng so‘nggi – 11-sinov parvozi 2025-yil 14-oktabrda bo‘lib o‘tgan edi. Bu V2 versiyasining so‘nggi uchishi bo‘lib, kompaniya endi keyingi avlod kemalariga o‘tmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Starship Oyga 100 tonna yuk olib chiqadigan yangi avlod raketasini taqdim etgani haqida yozgandi.